Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qurilgan obyektlarni ishga tushirish va yangi loyihalarni boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqida prezident rasmiy xizmati maʼlumot berdi.
Tadbir davomida jami 1 milliard dollar qiymatdagi yetti obyekt ishga tushirildi. Bundan tashqari, Xitoy, Turkiya va BAA hamkorlari ishtirokida jami 2,5 milliard dollar miqdoridagi yana oʻn ta yirik loyiha qurilishi boshlandi.
Yangi tashabbuslar orasida Temur Malik koʻchasi va 4R12 avtomobil yoʻli orqali Yangi Toshkentni poytaxtga ulash uchun koʻprik, piyodalar oʻtish joyi va 10 kilometrlik yoʻl qurilishi kiritilgan. Shuningdek, metro bilan bogʻlangan yer osti avtoturparki yaratilishi rejalashtirilmoqda.


