Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyasi JDB Group mamlakat hududidagi mavjud hamda yangi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirishni nazarda tutmoqda. Asosiy eʼtibor shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, geologiya bilan bogʻliq loyihalarga qaratiladi.
Bu 25-sentabrda boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida eʼlon qilindi. Uchrashuv Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy xalqaro madaniy aloqalar markazi raisi Long Yuysan va JDB Group asoschisi Chan Xuntoning ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Muloqotlar jarayonida tomonlar Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlikni chuqurlashtirish hamda ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-insoniy aloqalarni kuchaytirish istiqbollarini ham koʻrib chiqishdi.
Xitoy xalqaro madaniy aloqalar markazi Oʻzbekistonda turli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgani taʼkidlandi. Bu birgalikdagi tashabbuslar infratuzilma, investitsiyalar va yashil sanoat sohalarini qamrab oladi.
Ushbu uchrashuv natijalariga koʻra, JDB Group ishtirok etayotgan barcha amaldagi va kelajakdagi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish boʻyicha qaror qabul qilindi.



